www.uzspb.uz  
 
Russian

O'ZBEKISTONDA SUV-BOTQOQLIK YERLAR KUNI

Fеvral oyining birinchi sanalarida O'zbеkiston qushlarni muhofaza qilish jamiyati tashabbusi bilan mamlakatimizning to'rtta viloyatida vеtlandlarning bioxilma-xilligini o'rganish va muhofaza qilish masalalariga bag'ishlangan bеshta tadbir tashkil etildi.

"Asosan suvda suzuvchi qushlarning yashash joylari sifatida xalqaro ahamiyatga ega bo'lgan suv-botqoqlik yerlar to'g'risida"gi Ramsar Konvensiyasini qabul qilgan mamlakatlarda fevral oyining boshlarida nishonlangan 2023 yil Butunjahon suv-botqoqlik yerlar kunining mavzusi "Suv-botqoqlik yerlarni tiklash" bo'ldi. Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlari va Toshkent shahrida bo'lib o'tgan uchrashuvlarda 500 dan ortiq odam ishtirok etdi. Suv-botqoqlik yerlar kuni O'zbekistonda birinchi marta ishtirokchilarning bunday ko'p sonini qamrab oldi!

2 fevral kuni Toshkentda Butunjahon suv-botqoqlik yerlar kuni yuqori davlat darajasida nishonlandi. Suv-botqoqlik yerlarning odamlar va sayyoramiz uchun muhim ahamiyati to'g'risida xabardorlikni oshirishga qaratilgan keng ko'lamli tadbir O'zbekiston Qushlarni muhofaza qilish jamiyati tashabbusi bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, O'zbekiston ekologik partiyasi, shuningdek, O'zbekiston Respublikasining Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi tomonidan tashkil etildi. Yig'ilishda 90 dan ortiq odam ishtirok etdi: Oliy Majlis deputatlari, Ekologik partiyaning hududiy bo'limlari vakillari, O'zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Zoologiya instituti rahbariyati va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi bo'lajak mutaxassislar.

Uchrashuvda "Suv-botqoqlik yerlarni muhofaza qilishning huquqiy asoslari", "Suv-botqoqlik yerlarni muhofaza qilish bo'yicha majburiyatlarni bajarish munosabati bilan ko'rilayotgan chora-tadbirlar", "Ramsar Konvensiyasi doirasidagi ilmiy tadqiqotlar yo'nalishlari", "Ramsar yerlarini muhofaza qilish va o'rganishda xalqaro hamkorlikning muhimligi", shuningdek "Suv-botqoqlik yerlarni tiklash - bu yilgi Butunjahon suv-botqoqlik yerlar kunining mavzusi" mavzularida ma'ruzalar taqdim etildi. O'zbekiston Qushlarni muhofaza qilish jamiyatining suv-botqoqlik yerlarni tiklash zarurligi va O'zbekistonda Suvda suzuvchi qushlarni xalqaro ro'yxatga olish to'g'risidagi maruzasi Ekologik partiya vakillari va Oliy Majlis deputatlarida katta qiziqish uyg'otdi.

Shu kunning o'zida "Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" Milliy tadqiqot universitetida O'zbekiston Ekologik partiyasi Toshkent shahar kengashi, Senatning Orolbo'yi mintaqasini rivojlantirish masalalri va ekologiya qo'mitasi bilan birgalikda davra suhbati bo'lib o'tdi. Universitetning 90 dan ortiq o'qituvchi va talabalari ishtirok etgan davra suhbatining mavzusi O'zbekistonning suv-botqoqlik yerlari bo'ldi.

Samarqand Davlat universiteti Geografiya va ekologiya fakultetida ham Suv-botqoqlik yerlar kuni nishonlanib, uning asosida Ekologiya bo'limining 82 nafar talabasi, "Flamingo" talabalar ornitologik klubi a'zolari va Ekologiya va hayot faoliyati xavfsizligi kafedrasi o'qituvchilari ishtirokida tadbir o'tkazildi. "Flamingo" talabalar ornitologik klubining rahbari, dotsent Leylya Enverovna Belyalova yilning birinchi ekologik sanasi - Butunjahon suv-botqoqlik yerlar kuni haqida gapirib, O'zbekiston Qushlarni muhofaza qilish jamiyatining mamlakatda qushlarni saqlashdagi o'rnini ta'kidladi. Keyin uchrashuv ishtirokchilariga "Suv-botqoqlik yerlarni tiklash" taqdimoti namoyish etildi.

Samarqand Davlat universitetining Ekologiya va hayot faoliyati xavfsizligi kafedrasi professori Zuvayd Izzatullaevich Izzatullaev suvning turli organizmlar uchun yashash muhiti sifatidagi ahamiyati haqida gapirib, O'zbekistonning suv-botqoqlik yerlarini saqlash muhimligini ta'kidladi. Kafedra dotsenti Burxon Fayzullaevich Fayzullaev mamlakat rahbariyatining tabiiy ekotizimlarni tiklash va saqlashga qo'shgan hissasi haqida gapirib, talabalarni ekologik sanalar to'g'risida xabardor qilish muhimligini ta'kidladi.

"Flamingo" klubining a'zolari Iroda Abulfayziуeva va Zamira Ismatova suvda suzuvchi qushlarning fotosuratlarini tayyorlab, Chimqo'rg'on suv omborida qishlaydigan qushlarning eng ko'p sonli va noyob turlari haqida gapirib berishdi. Shuningdek, Samarqand Davlat universitetining filologiya, sport va san'at fakultetlarida "Ekologiya va tabiatni muhofaza qilish" fani bo'yicha darslarda Suv-botqoqlik yerlar kuni nishonlandi. Ushbu fakultetlarning 150 dan ortiq talabalari "Men bu qushni bilaman!" tanlovida ishtirok etdilar.

Qashqadaryo viloyatida Qarshi Davlat universitetining 33 nafar o'qituvchi va talabalari Suv-botqoqlik yerlar kuni ishtirokchilari bo'ldilar. Suv-botqoqlik ekotizimlarining ahamiyatiga bag'ishlangan ta'lim tadbiri Qarshi Davlat universitetining Geografiya va tuproqshunoslik fakultetida fakultetning katta o'qituvchisi, "Targ'oq" talabalar ornitologik klubining rahbari To'lqin O'ktamovich Raximov tashabbusi bilan tashkil etildi.

Jizzax viloyatidagi suv-botqoqlik yerlarni saqlashga bag'ishlangan uchrashuvda Jizzax shahridagi 5-sonli maktabning 56 nafar katta sinf o'quvchilari ishtirok etdi. Maktabdagi mashg'ulot Jizzax Davlat pedagogika universitetining Zoologiya va anatomiya kafedrasi mudiri, "Cho'l burguti" talabalar klubi rahbari Lola Shukurboуevna Sanaуeva tashabbusi bilan tashkil etildi. Uchrashuvda taqdim etilgan taqdimotdan o'quvchilar 1970 yildan boshlab dunyoda suv-botqoqlik yerlarning 35% yo'qolganligini bilib oldilar. Suv-botqoqlik yerlar o'rmonlarga nisbatan uch baravar tezroq yo'qolib bormoqda, odamlarning farovonligi, yashash uchun mablag'lar va sayyoramiz salomatligi esa tahdid ostida!

Supported by: BirdLife International NABU

Сайт маълумотларидан фойдаланилганда манбага ҳавола қилиниши шарт.
Сайт маълумотларини Олег Кашкаров тайёрлади.
  Вебмастер Эрнест Хуршут: uznix@narod.ru | Ўзбекистон балиқлари
Янгиланган: 16.08.2023