www.uzspb.uz  
 
English Russian

XALQARO SUVDA SUZUVCHI QUSHLAR RO'YXATI: O'ZBEKISTONDA 176500 QUSH QAYD ETILDI

IWC 2023 O'zbekistonning, u yerdа 66 turdаgi 176 ming suvdа suzuvchi vа suv oldidа yashovchi qushlаr ro'yxаtgа olingаn, 10 viloyatidаgi 15 tа suv hаvzаlаrini qаmrаb oldi! O'zbekiston qushlarni muhofaza qilish jamiyati tashabbusi bilan har yili mamlakatimizda o'tkaziladigan Suvda suzuvchi qushlarni xalqaro ro'yxatga olish (IWC) 2023 yil yanvar-fevral oylarida mamlakatimizning 10 viloyatida qishlaydigan qushlar uchun muhim bo'lgan 15 ta suv havzasini qamrab oldi.

IWC ning 70 nafar ishtirokchisi O'zbekistonda 66 turdagi 176 yarim mingdan ortiq suvda suzuvchi va suv odlida yashovchi qushlarni ro'yxatga oldi! Ular orasida 17 ta qush Milliy va Xalqaro Qizil Kitoblarga kiritilgan. Joriy yilda Qushlarni muhofaza qilish jamiyatining qishki ro'yxatga olish bo'yicha tashabbusi O'zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi tomonidan qo'llab-quvvatlanib, u mamlakatimizning 6 ta viloyatidagi 6 ta suv havzasi bo'yicha hisobga olish ishlarini o'tkazdi va o'z kuzatuv natijalarini IWC xalqaro ma'lumotlar bazasiga kiritish uchun taqdim etdi.

Qushlarni muhofaza qilish jamiyati xodimlari va a'zolari O'zbekiston Fanlar Аkademiyasi Zoologiya instituti va Ekologiya vazirligi vakillari bilan birgalikda qishlaydigan qushlarni hisobga olish ishlarini o'tkazgan birinchi suv havzasi Toshkent viloyatidagi Tuyabo'g'iz suv ombori (Toshkent dengizi) bo'ldi. Suv omborida 34 turga oid 15340 ta suvda suzuvchi va suv oldida yashovchi qushlar, shu jumladan O'zbekiston Qizil kitobiga va Xalqaro qizil kitobga kiritilgan 7 ta noyob va yo'qolib ketish xavfi ostidagi turlar qayd etilgan. Hisobga olish kuni suv omboridagi Qizil kitobga kiritilgan suvda suzuvchi turlarning soni 7076 qushni - kuzatilgan qushlarning umumiy sonining 46% ni tashkil etdi.

Toshkent dengizidagi qiziqarli kuzatuvlardan qizqush, kichik oq qarqara, bigiztumshuq, xitoy o'rdagi, yomon cherag va oddiy turpanni belgilash lozim. Suv yuzasida harakatlanadigan qayiqlar va ovchilarning o'q uzishlarini suv omboridagi qushlarni bezovta qiladigan omillar deb hisoblash mumkin. Ro'yxatga olish natijalari "Tuyabo'g'iz suv ombori" IBA Toshkent viloyatida qishlaydigan noyob va global xavf ostida bo'lgan qush turlarini saqlab qolish uchun muhim ahamiyatga ega ekanligini tasdiqladi.

Bu qishda suvda suzuvchi qushlarning asosiy to'dalari baliqchilik xo'jaligi tomonida Toshkent dengizining muzsiz shimoli-g'arbiy va janubiy qismlarida saqlangan. Bu ularning bezovtalik darajasini pasaytirdi va ovchilarning ularni topishiga to'sqinlik qildi. Suv omborining janubi-sharqiy qismida bu qishda muz bilan qoplangan qo'ltiqlarda faol ov olib borildi. O'q ovozi qushlarni juda bezovta qilib, suvda suzuvchi qushlarni -19°C dan past havo haroratida bir joydan ikkinchi joyga uchib o'tishga majbur qildi.

15 yanvar kuni Qarshi Davlat universitetining Geografiya va tuproqshunoslik fakulteti katta o'qituvchisi To'lqin O'ktamovich Raximov rahbarligida "Targ'oq" talabalar ornitologik klubi a'zolari tomonidan KBA "Tallimarjon suv ombori"da qushlar hisobga olindi. Suv omborida 19 mingdan ortiq suvda suzuvchi qushlar kuzatildi. Ular orasida 16 mingdan ortiq kulrang g'oz va bir necha ming yovvoyi o'rdaklar bo'lgan. Hisobga olish kuni suv omborining qirg'oq bo'yidagi maydon to'liq muz bilan qoplangan. Suv omborining g'arbiy qismida faol ov olib borilgan. Suv omborida havo harorati -21°S dan pastga tushgan kunlarda, ovchilarning o'q uzishlari qishlayotgan suvda suzuvchi qushlar to'dalarini ayniqsa qattiq bezovta qilgan.

22 yanvar kuni Samarqand Davlat universitetining Geografiya va ekologiya fakulteti o'qituvchisi, dotsеnt Leylya Enverovna Belyalova rahbarligida "Flamingo" talabalar ornitologik klubi a'zolari tomonidan Qashqadaryo viloyatidagi Chimqo'rg'on suv omborida qushlar hisobga olindi. Suvda suzuvchi qushlarni kuzatishga Samarqand viloyatining Qushlarni muhofaza qilish jamiyati a'zolari Natalya Vladimirovna Marmazinskaya va Baxtiyor Kudratovich Mardonovlar qo'shildi. Hisobga olish ishtirokchilarining xabariga ko'ra suv omborining 95% dan ortig'i muz bilan qoplangan, suvda qushlar bo'lmagan. Faqat muzlamagan kanalda 549 ta qush uchragan. Noyob va qiziqarli uchrashuvlardan qironqora va oq dumli suv burgutni belgilash lozim.

22 yanvarda Namangan Davlat universitetining Biotexnologiya fakulteti o'qituvchisi, dotsent Erkin Fayzullaevich Ikromov rahbarligida "EcoBirds" talabalar ornitologik klubi a'zolari tomonidan Namangan viloyatidagi Rezaksoy suv omboridagi qushlar hisobga olindi. Suv omborida 3400 suvda suzuvchi qushlar kuzatilib, ularning asosiy qismini yovvoyi o'rdak, churrak va qashqaldoqlar tashkil qildi. Qiziqarli uchrashuvlardan suv havzasida qishlayotgan oq laylak va qizqushni belgilash lozim.

11 fevralda O'zbekiston Qushlarni muhofaza qilish jamiyati xodimlari Qarshi Davlat universitetining o'qituvchilari bilan birgalikda KBA "Tallimarjon suv ombori"da takroriy hisobga olishni amalga oshirdilar. Suv omborida 54 mingdan ortiq suvda suzuvchi qushlar kuzatilgan. Hisobga olish kuni eng ko'p uchragan turlar kulrang g'oz, qizilbosh va yovvoyi o'rdak bo'ldi. Qiziqarli uchrashuvlardan suv havzasida qishlayotgan itolg'i va oqdumli suv burgutni belgilash lozim. Ushbu sovuq qish kunlarida Tallimarjondagi minglab suvda suzuvchi qush to'dalari ovchilar tufayli kuchli bezovtalikdan aziyat chekdi. 9 soat davomida, shu jumladan suv omborining qo'riqlanadigan to'g'oni tomondan, besh zaryadli ov miltiqlarining o'q ovozlari eshitildi.

Shu kunning o'zida Buxoro Davlat universitetining Tabiiy fanlar fakulteti o'qituvchisi dotsent Muxtor Murodovich Turaev boshchiligida "Ivolga" talabalar ornitologik klubining a'zolari tomonidan Ramsar yerlari - Navoiy viloyatining To'dako'l va Quyimozor suv omborlarida hisobga olish amalga oshirildi. To'dako'l suv omborida 18,5 mingdan ortiq suvda suzuvchi va suv oldida yashovchi qushlar kuzatilgan. Hisobga olish kuni eng ko'p uchragan turlar yovvoyi o'rdak va katta churrak bo'ldi. Noyob va qiziqarli uchrashuvlardan oqko'zlar, uzundumli suv burgutlar, oq dumli suv burgutlari, suqsurlar, haydarqush va haydarkokillarni belgilash lozim. Shu kunning o'zida Quyimozor suv omborida hisobga olish ishtirokchilari 17 turdagi 37 mingdan ortiq suvda suzuvchi qushlarni ro'yxatga olishgan. Qiziqarli uchrashuvlar orasida qiziltomoq qanjir va uzundumli suv burgutlar bo'lgan.

19 fevral kuni Samarqand Davlat universiteti Ekologiya va geografiya fakulteti qoshidagi "Flamingo" talabalar ornitologik klubining rahbari va a'zolari Samarqand viloyatidagi "Kattaqo'rg'on suv ombori" IBA da qushlarni hisobga olishni amalga oshirdilar. Hisobga olish kuni suv omborida 300 dan ortiq suvda suzuvchi qushlar, shu jumladan pushti saqoqushlar, kulrang g'ozlar, haydarqushlar, yomon cherag va katta cheraglar kuzatilgan. Mahalliy aholining so'zlariga ko'ra, bu yil qishda Kattaqo'rg'on suv omborida suvda suzuvchi qushlarning yalpi o'limi kuzatilgan: muz bilan qoplangan suv ombori yuzasida yuzlab nobud bo'lgan qushlar yotgan, muz shu qadar mustahkam bo'lganki, odamlar uning yuzasi bo'ylab suv omborining narigi tomoniga o'tishgan. Nobud bo'lgan qushlarni itlar, tulkilar, shoqollar va yirtqich qushlar yeyishgan…

Shu kunning o'zida Jizzax Davlat pedagogika universiteti tabiiy fanlar fakulteti qoshidagi "Cho'l burguti" talabalar ornitologik klubi a'zolari Zoologiya va anatomiya kafedrasining mudiri Lola Shukurboуevna Sanaуeva boshchiligida Ramsar suv ombori - IBA "Tuzkon ko'li"da qushlarni hisobga olishni amalga oshirishdi. Mingdan ortiq qushlar, jumladan vishildoq oqqushlar, pushti saqoqushlar, oqdumli suv burgutlar, shuningdek, ilonxo'r burgutlar kuzatilgan.

22 fevral kuni Qoraqalpog'iston Davlat universitetining Biologiya fakulteti qoshidagi "Otus" talabalar ornitologik klubi rahbarlari va a'zolari dekan Yakub Idrisovich Ametov, doktorant Islambek Muratbaуevich Arepbaуev va fakultet o'qituvchilari rahbarligida Nukus shahri yaqinidagi Ashiko'l ko'lida qushlarni hisobga olishni amalga oshirishdi. Shuni ta'kidlash kerakki, Ashiko'l ko'li - potensial Eng muhim ornitologik hudud (IBA) o'zidan global tahdid ostidagi tur - oqbosh o'rdaklarning kuzgi uchib o'tish paytidagi muhim yashash joyini ifodalaydi.

Ashiko'l ko'li yilning turli fasllarida muhofaza va muntazam monitoringga muhtoj. Ko'lda 200 ga yaqin suvda suzuvchi qushlar, shu jumladan yovvoyi o'rdaklar, qizilboshlar va olmaboshlar, olaqanotlar, qashqaldoqlar va chag'alaylar kuzatilgan.

Barcha hisobga olish ma'lumotlari qayta ishlanib, IWC xalqaro ma'lumotlar bazasiga kiritildi. Qushlarni muhofaza qilish jamiyati barcha a'zolari va tarafdorlariga mamlakatimizda o'tkazilgan suvda suzuvchi qushlarni navbatdagi qishki ro'yxatga olishda faol ishtirok etgani uchun o'z minnatdorchiligini bildiradi!

Supported by: BirdLife International NABU

Сайт маълумотларидан фойдаланилганда манбага ҳавола қилиниши шарт.
Сайт маълумотларини Олег Кашкаров тайёрлади.
  Вебмастер Эрнест Хуршут: uznix@narod.ru | Ўзбекистон балиқлари
Янгиланган: 15.08.2023