www.uzspb.uz  
 
English Russian

TARG'OQ MONITORING DASTURI: 2020 YILNING KUZI OYI

Qushlarni muhofaza qilish jamiyati tabiatdan foydalanuvchilar va tabiatni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlikda BMH "Tolimarjon suv ombori "da global miqyosda xavf ostidagi turlarni monitoring va muhofaza qilish dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish" loyihasini bajarishga kirishdi. Loyiha Butunjahon tabiat jamg'armasi (WWF) va muhim ekotizimlar sohasida hamkorlik jamg'armasi (CEPF) ko'magida amalga oshirilmoqda.

Talimarjon suv ombori O'zbekistonda beshta ustuvor bioxilma-xillikning muhim hududlaridan (BMH) biridir. Mazkur hudud Qashqadaryo viloyatining sanoat markazida joylashgan bo'lib, yo'qolib borayotgan targ'oqning butun dunyodagi populyatsiyasining 29% qismi uchun sharqiy uchib o'tish yo'li bo'ylab kuzgi migratsiya vaqtida ushbu turning to'xtash joyi hisoblanadi. Biologik xilma-xillik uchun global ahamiyatga egaligi va kuchli antropogen ta'sir ostida bo'lishiga qaramasdan, Talimarjan suv ombori hanuzgacha rasmiy muhofaza maqomiga ega emas.

Har yili xavf ostidagi bir necha ming targ'oqlar Qozog'istondagi uyalash joylaridan Pokistondagi qishlash joylariga kuzgi uchib o'tish vaqtida Talimarjonda bir oydan ko'proq muddat o'tkazishadi. O'zbekistonda ushbu turni muhofaza qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish uchun Talimarjonda to'xtash vaqtida targ'oqning soni, tarqalishi va tahdidlar to'g'risida muntazam ma'lumot to'plash zarur.

Talimarjondagi targ'oqlar soni va tahdidlar haqida o'z vaqtida va muntazam ma'lumot olish uchun 2020 yilning kuzida qushlarni muhofaza qilish jamiyati tomonidan ushbu yo'qolib borayotgan turni monitoring qilish dasturi ishlab chiqildi va sinovdan o'tkazildi. Dastur Qashqadaryo viloyatida fuqarolik jamiyati vakillari va mahalliy tabiatni muhofaza qilish organlari tomonidan amalga oshirilgan targ'oqning muntazam va ixtiyoriy monitoringiga asoslangan.

Yo'qolib borayotgan targ'oqni kuzatish uchun "Targ'oq" deb nomlangan Talimarjon suv omborining qo'riqchilari maxsus guruhi tashkil etildi. Guruhga Qarshi Davlat universiteti tabiiy fanlar fakulteti o'qituvchilari va talabalari, davlat tabiatni muhofaza qilish tashkilotlari vakillari va mahalliy baliqchilar kirdi.

2020-yil 4-sentabr kuni Talimarjon suv ombori qirg'oqlaridan kelgan baliqchilar Qashqadaryo viloyatidagi O'zbekiston qushlarni muhofaza qilish jamiyati a'zolariga Talimarjonga birinchi targ'oqlar uchib kelganligini ma'lum qilishdi. Ertasi kuniyoq "Targ'oq" qo'riqchilari guruhi suv omborida qushlarni muhofaza qilish jamiyati taklif etgan usul bo'yicha targ'oqlarning sanog'ini o'tkazishdi. Ular bizga quyidagilarni xabar qilishdi:

- 5 sentyabr kuni, suv omborining qirg'oq qismida uchta nuqtada, jami 2750 targ'oq qayd etildi - bu yo'qolib borayotgan turning butun dunyodagi populyatsiyasining taxminan to'rtdan bir qismiga teng! Qushlar suv omboriga yaqinda yetib kelganligi sezilib turardi: targ'oqlar ko'rininshidan juda charchagan edi, tushdan keyin deyarli harakatlanishmadi. Ularga halaqit qilishi mumkin bo'lgan omillaridan shu kuni suv omborida bir necha qo'y podalari, shuningdek, to'rlarini kuniga ikki marta o'rnatgan va tekshirgan baaliqchilarning 5 eshkakli qayiqlari qayd etildi.

Quyidagi grafikdan ko'rinib turibdiki, 5-dan 20-sentyabrgacha bo'lgan davrda targ'oqlar yantoq chakalaklari bilan o'rab olingan suv omborining qirg'oq hududida oziqlangan, dam olgan va tunagan. Namlikning yuqori darajasi va ko'plab ozuqa moddalari tufayli, bu chakalaklar targ'oqlar oziqlanadigan hasharotlarni jalb qiladi. Shu vaqtga qadar chorva mollarining haddan tashqari ko'p boqilganligi tufayli targ'oqlar suv ombori atrofidagi tepaliklarda (adirlarda) hasharotlarni topa olmadi...

22 sentyabrdan boshlab, Talimarjonda dam olish uchun to'xtab qolgan targ'oqlar soni ortib, 30-sentyabrda eng yuqori darajasiga yetdi. Shu kuni 4 mingdan ortiq targ'oq suv omboriga jamlandi - bu esa ushbu noyob turga mansub dunyoda qolgan qushlarining 37%ini tashkil qiladi.

Biroq, Talimarjondagi ko'chib o'tuvchi targ'oqlar sonining ko'payishi bilan birga, chorva mollari sonining keskin o'sishi kuzatilmoqda. Suv omborining targ'oqlar uchun to'xtab turish uchun eng qulay qirg'oq hududlarida chorva mollarini nazoratsiz, haddan tashqari ko'p boqilmoqda. Buning natijasida, 27 sentyabr kuni deyarli barcha targ'oqlar suv omborining qirg'oq hududini tark etishga va o'simliklar qoplami uy hayvonlari tomonidan yeb bitirilgan adirlarga ko'chib o'tishga majbur bo'ldi. "Targ'oq" qo'riqchilari guruhining vakillari bizga quyudagilarni xabar berishdi:

- 2020 yildagi pandemiya sababli mahalliy aholi yozda o'z qo'ylarini tog'larga olib chiqa olmadilar. Shuning uchun Talimarjon suv omborining qirg'oqlari bo'ylab yoz va kuz oylari davomida 6 mingdan ortiq qo'ylar saqlab turildi! Bu chorvaning haddan tashqari ko'p boqilishiga sababi bo'ldi: masalan, targ'oq oziqlanadigan yantoq poyalari bu yil 10 santimetrga qisqargan.

Oxirgi targ'oqlar O'zbekistonni 21-oktabr kuni tark etdi. Ular o'zlarining murakkab yo'llarini janubga - Pokistonga davom ettirdilar. Afsuski, ularning barchasi ham mehmondo'st O'zbekistondan to'q va qoniqqan holda uchib ketishmadi...

O'zbekistonda yo'qolib borayotgan targ'oq uchun eng yaxshi sharoitlarni ta'minlash maqsadida O'zbekiston Respublikasi ekologiya va atrof - muhitni muhofaza qilish Davlat qo'mitasiga Talimarjon suv omborining qirg'oq hududida mavsumiy tipdagi buyurtmaxona yaratish taklif etilmoqda.

Supported by: BirdLife International NABU

Сайт маълумотларидан фойдаланилганда манбага ҳавола қилиниши шарт.
Сайт маълумотларини Олег Кашкаров тайёрлади.
  Вебмастер Эрнест Хуршут: uznix@narod.ru | Ўзбекистон балиқлари
Янгиланган: 15.04.2021